O‘zbekiston bosh vaziri virtual qabulxonasiga sportga oid 1100 ta murojaat kelib tushgani aytilgandi. Ularning ayrimlari o‘z yechimini topgani haqida “Sport” gazetasi “Daryo”ga ma’lumot berdi.
Stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasiga nomzod bo‘lgan farg‘onalik Muqaddas Ikromovaning sharoit so‘rab qilgan murojaatini bir yo‘la uch tashkilot o‘rganib chiqqan: Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi va Farg‘ona viloyati hokimligi. Bu tashkilotlar sportchiga homiy biriktirib qo‘ygani aytilgan.
Farg‘ona viloyati, Farg‘ona shahridan bo‘lgan qiz ayni paytda navbatdagi musobaqalarga qizg‘in hozirlik ko‘ryapti, deb yozilgan “Sport” gazetasi taqdim etgan maqolada.
Avvalroq Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Murod Aliyev intervyu berib, murojaatlarga asosli javob berish maqsadida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasida maxsus shtab tashkil etilgani haqida aytib o‘tgandi. Ishchi guruh a’zolari ertalab 8 dan 11 gacha maxsus qabullarni tashkil etmoqda. Ular orasida O‘FF bosh kotibi, terma jamoalar markazi va PFL direktorlari, huquqshunoslar bor.
Bosh vazir virtual qabulxonasiga murojaatidan keyin o‘smir futbolchilarning “Bunyodkor” futbol maktabiga qabul qilingani haqidagi xabarni mana shu havolada o‘qish mumkin.
Izoh (0)