O‘zbekiston bosh vaziri virtual qabulxonasiga sportga oid 1100 ta murojaat kelib tushdi. Bu haqda Madaniyat va sport ishlari vazirligiga tayanib “Sport” gazetasi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Murojaatlarning katta qismi futbol sohasiga oid bo‘lib, fuqarolar farzandini futbol maktablariga joylay olmayotganidan shikoyat qilgan. Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘yinlarini tanqid ostiga olganlar va futbolda islohotlar qilish kerakligini ta’kidlayotganlar ham bor.
“Murojaatlarga asosli javob berish maqsadida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasida maxsus shtab tashkil etildi. Ishchi guruh a’zolari ertalab 8 dan 11 gacha maxsus qabullarni tashkil etadi. Ular orasida O‘FF bosh kotibi, terma jamoalar markazi va PFL direktorlari, huquqshunoslar bor. Maqsad — har bir fuqaro tashkilot ishidan qoniqish hosil qilsin. Ayni vaqtda bu ish o‘z samarasini bermoqda”, — deb ta’kidlagan Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Murod Aliyev “Sport” gazetasiga bergan intervyusida.
Zamonaviy ilmiy-texnikaviy yutuqlar asrida xalq bilan ishlashning yangi davri boshlandi. Hech kim va hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmaydi. Muhimi, demokratik tamoyillarning amaldagi aksi mana shu bosqichda yaqqol namoyon bo‘ladi, deb gazetadagi maqolaga yakun yasalgan.