Futbol bo‘yicha klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionatida ikkinchi bor zafar quchgan “Real” futbolchisi Krishtianu Ronaldu, musobaqa doirasida ilk bor eng yaxshi deb topildi.
Madrid klubining g‘alabasi bilan yakunlangan 2014-yilgi mavsumda eng yaxshi bo‘lish himoyachi Serxio Ramosga nasib qilgandi. Qayd etish kerak, 2016-yilgi mavsum doirasidagi ikki o‘yinda Krishtianu Ronaldu jami 4 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. U yarim finalda “Amerika” darvozasini bir bor nishonga olgan bo‘lsa, “Kashima Antlers”ga qarshi final o‘yinida xet-trik qayd etdi.
“Barselona” a’zosi Lionel Messida esa bunday sovrinlar soni 2 tani tashkil qiladi. “Oltin to‘p” raqobatida bo‘lgani kabi, klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionatida eng yaxshi bo‘lish borasida ham Ronaldu Messidan 1 ta farq bilan ortda qolgan.
“Barselona” chempionlikni nishonlagan 2015-yilgi mavsumda eng yaxshi futbolchi bo‘lish baxti Luis Suaresga nasib qilgan. 2006-yil “Barsa” finalda Braziliyaning “Internatsional” klubidan yengilganida eng yaxshi bo‘lishni Deku uddalagan.
Lionel Messi esa 2009-yil BAAdagi va 2011-yil Yaponiyadagi turnirlarda eng yaxshi futbolchi uchun atalgan sovrinlarni qabul qilib olgan.
Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronaldu 2016-yilgi mavsumda uchta yirik turnirda zafar quchdi: Yevropa Chempionlar Ligasi, Yevropa Chempionati va klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionati. Bu yutuqlarning dastlabki ikkitasi sabab u yil yakunida to‘rtinchi bor “Oltin to‘p” egasiga aylandi.
Izoh (0)