Tailandning tegishli tashkilotlari “jamiyatning axloqiy qadriyatlarini buzadigan” saytlarni sud qarorisiz bloklash huquqiga ega bo‘ldi. Milliy qonunchilik assambleyasi tegishli o‘zgartishlarni ma’qulladi, deb xabar beradi “TASS”.
Parlament vitse-spikeri Pirasak Porchitning ma’lum qilishicha, 2007-yilgi “Kompyuter jinoyatlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, endilikda internet monitoringi bilan shug‘ullanuvchi huquq-tartibot va adliya idoralariga saytlarni bloklash uchun sud qarori kerak emas.
Qonunchilik tashabbusi muhokama bosqichidayoq qizg‘in bahslarni keltirib chiqardi. Unga qarshi petitsiyani 360 ming kishi imzoladi, ovoz berish oldidan esa parlamentning rasmiy saytiga xakerlik hujumi uyushtirildi.
Fuqarolar hukumat o‘zlarining bu vakolatini suiiste’mol qilishidan qo‘rqmoqda.
Izoh (0)