Qarshining “Nasaf” klubi sharafini himoya qiladigan Aziz G‘aniyev Rossiya Premyer-Ligasida paydo bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Sports.uz” nashri ma’lumot berdi.
18 yoshli futbolchining xizmati bilan Sankt-Peterburgning “Zenit” klubi qiziqib qolgan. Buni bir qator rus nashrlari ham chop etgan. Bunda ular O‘zbekiston nashrlariga asoslangan.
Aziz G‘aniyev “Nasaf”ning joriy mavsumdagi Oliy Liga o‘yinlarida 17 bor ko‘rinish bergan. Shularning 11 tasida uchrashuvni boshlang‘ich tarkibda o‘tkazgan.
Himoya chizig‘ida to‘p suradigan futbolchi Bahrayn mezbonlik qilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatida O‘zbekiston termasi sharafini himoya qilgan bo‘lib, bosh murabbiy Jasur Abduraimov bilan chorak finalga qadar yetib borishning uddasidan chiqa olgandi.
Ma’lumot uchun, Rossiya Premyer-Ligasida O‘zbekiston milliy terma jamoasining uch a’zosi to‘p suradi: Odil Ahmedov (“Krasnodar”), Vitaliy Denisov (“Lokomotiv”), Vadim Afonin (“Orenburg”).
Izoh (0)