O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Xatamjon Ketmonovning faoliyati hamda uning Saylovoldi dasturida belgilangan asosiy maqsad va vazifalar bilan saylovchilarni tanishtirish maqsadida nomzodning ishonchli vakillari tuman va shaharlarda ochiq va erkin muloqot olib bormoqda. Bu haqda “Daryo”ga O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Xatamjon Ketmonovning Surxondaryo viloyatidagi ishonchli vakili Chori Jumag‘ulov viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi saylovchilar bilan uchrashar ekan, hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, saylovchilarni o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdi. Shuningdek, uchrashuvlar davomida nomzodning Saylovoldi dasturi bilan yaqindan tanishgan saylovchilarning mulohazalari, savollari tinglandi.
Baxtiyor Abasheyev, Angor politexnika kasb-hunar kolleji direktori o‘rinbosari:
— O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Xatamjon Ketmonovning saylovoldi dasturida ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligi ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgani o‘qituvchi va murabbiy sifatida albatta, e’tiborimdan chetda qolgani yo‘q. Zero, bugungi o‘quvchi, talabaning ertaga mana shu mamlakat taraqqiyoti va obod kelajagi uchun munosib hissasini qo‘shadigan kerakli kadr bo‘lib yetishishini barchamiz birdek yaxshi anglaymiz.
Xatamjon Ketmonovning Saylovoldi dasturida ko‘zda tutilgan oliy va o‘rta maxsus ma’lumotga ega mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishlarini belgilashda korxona va tashkilotlarning kadrlarga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olish tizimini takomillashtirish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining mustaqil o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlash hamda yakka tartibdagi mehnat va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish uchun maqbul sharoitlar yaratish maqsadida imtiyozli mikrokreditlar ajratish amaliyotini kengaytirish, o‘z biznesini ochishda belgilangan yig‘imlardan, faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘ygunga qadar soliqlardan ozod qilish muddatini uzaytirish kabi masalalar, nafaqat ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan men kabi mutaxassislarni, balki, barchani birdek qiziqishiga va qo‘llab-quvvatlashiga sabab bo‘ldi.
Xatamjon Ketmonovning Samarqand viloyatidagi ishonchli vakili, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sahobiddin Arziqulov bilan uchrashuvlarda viloyatdagi 2 mingga yaqin saylovchi qamrab olindi. Saylovchilar tomonidan ishonchli vakilga Saylovoldi dasturida ko‘zda tutilgan bir qator masalalar yuzasidan savollar berildi. Ular asosan, nomzod dasturida ilgari surilayotgan mamlakatimizda avtotransport vositalarining ko‘payib borayotganligi natijasida yo‘llar, katta shaharlarning ko‘chalarida tirbandliklar vujudga kelishiga barham berish maqsadida tegishli infratuzilmani doimiy takomillashtirib borish, piyodalar yo‘laklarini kapital ta’mirlash, ekologik toza, sog‘lom turmush tarziga zamin yaratuvchi veloyo‘laklarni qurish zarurligi masalasi bilan qiziqdi. Shuningdek, aholi uchun maqbul tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalasiga e’tibor qaratildi.
Nasiba G‘afurova, “Qizil yarim oy” jamiyati Jomboy tuman bo‘limi boshlig‘i:
— Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonovning Saylovoldi dasturi bilan yaqindan tanishar ekanman, unda aholi, ayniqsa, olis qishloq hududlarida birlamchi tibbiy yordamdan qulay va tez foydalanish imkoniyatini ta’minlovchi qishloq vrachlik punktlari tarmog‘ini kengaytirish, imtiyozli va bepul asosda malakali tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatilishini tartibga soluvchi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan tizimli nazoratni kuchaytirish lozim deb belgilab qo‘yilgani chekka hududlarda malakali tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtiradi va aholiga ushbu yo‘nalishda qulaylik yaratib beradi.
Shuningdek, farmatsevtika korxonalari va dorixona muassasalari faoliyati hamda dori-darmon vositalari narxi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, dori vositalari reklamasini cheklash, asosiy dori vositalari ro‘yxatidagi dori vositalarining davlat tibbiyot muassasalarida mavjud bo‘lishi va ayrim toifadagi shaxslarga dori vositalarining imtiyozli berilishini ta’minlash ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalasi bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri deyish mumkin va shu jihatdan nomzodning dasturidagi takliflarni o‘rinli va asosli deb bilaman.
Toshkent viloyati bo‘ylab tashkil etilgan ishonchli vakil uchrashuvlari ham yuqori saviyada, qizg‘in savol-javob va ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Nomzodning Toshkent viloyatidagi ishonchli vakili Mehroj Darxonov Bekobod tumani saylovchilari bilan bo‘lgan uchrashuvda tumandagi sanoat korxonalari, hududdagi aholi mehnat manbaalari xususida alohida to‘xtaldi va Saylovoldi dasturida aynan bekobodliklarni o‘ylantirayotgan muammolar uchun yechim bo‘lishga arzirli takliflar ilgari surilayotganini ta’kidlab o‘tdi. Barcha uchrashuvlarda bo‘lgani kabi, saylovchilarning nomzodning tarjimai holi va dasturi bilan tanishib chiqish asnosida yuzaga kelgan fikr-mulohazalari tinglandi.
Matluba Hojimuratova, “Bekobod ishchisi” gazetasi muharriri o‘rinbosari:
— Nomzod dasturida ilgari surilgan mahalliy xomashyo va materiallarni qayta ishlash korxonalarining ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega iste’mol tovarlari ishlab chiqarishini moliyaviy va iqtisodiy rag‘batlantirish, imtiyozli kreditlash samaradorligini oshirish, o‘zi ishlab chiqargan mahsulot hisobiga ichki bozorni to‘ldirish, narx-navo oshishining oldini olishga qaratilgan tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni rivojlantirishning hududiy dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mas’uliyatini kuchaytirish lozimligi masalasi bekobodliklarni befarq qoldirmadi, albatta. Zero, sanoat korxonalari, ishlab chiqarish obektlari tumanimiz aholisining asosiy mehnat manbaalaridan biri desak, yanglishmaymiz. Shu jihatdan ham mazkur masala biz saylovchilarning e’tiborimizni tortdi va alohida dolzarb ahamiyat kasb etdi.
Kichik biznes, uy mehnati, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish orqali xotin-qizlar bandligini ta’minlash samaradorligini oshirish, mehnat qonunchiligida ayollarga berilgan huquq va qo‘shimcha imtiyozlardan keng foydalanishlari uchun yanada maqbul sharoitlarni yaratish lozimligi masalasi prezidentlikka nomzodning Andijon viloyatidagi ishonchli vakili Abdulhamid Nurmatovning Bo‘z tumanidagi saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvida alohida tilga olindi. Nomzodning ishonchli vakili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod — Xatamjon Ketmonovning Saylovoldi dasturi bilan yig‘ilganlarni tanishtirar ekan, viloyat ahli uchun muhim bo‘lgan masala – aholi bandligini ta’minlashning mutlaqo yangi va zamonaviy usullarini joriy qilish, ish o‘rinlarini tashkil etish dasturining so‘zsiz bajarilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish masalasiga e’tiborni qaratdi.
Yormuhammad Abdurahimov, Bo‘z tumani, Bo‘z shaharcha fuqarolar yig‘ini raisi:
— Biz saylovchilar uchun bugungi saylovoldi uchrashuvida ishtirok etish va nomzodning dasturi bilan yaqindan tanishish, albatta, nihoyatda muhim masaladir. Saylovoldi dasturida ilgari surilayotgan iqtisodiyotning jadal rivojlanishi va yangi ish o‘rinlari yaratishning muhim omili sifatida qurilish sohasini modernizatsiya qilish, qurilish tashkilotlarini keng rivojlantirish, zamon talabiga javob beradigan mutaxassislar, texnik vositalar bilan ta’minlanish maqsadida taklif etilgan vazifalar albatta, dolzarb va o‘rinlidir. Jumladan, qurilish tashkilotlarining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash, sohaga yangi texnologiyalarni joriy qilish, malakali mutaxassislarni yollashga imkoniyat beruvchi sharoitlar yaratish maqsadida soliq yukini kamaytirish zarurligini albatta, muhim deb hisoblaymiz.
Prezidentlikka nomzodning Jizzax viloyatidagi shonchli vakili Nosir Siddiqov Baxmal tumanida bo‘lgan uchrashuvida maftunkor tabiat, musaffo havodan nafas olib yashayotgan xalqning siyosiy ongi va tafakkuri, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, yurt kelajagiga nisbatan daxldorlik tuyg‘usi nihoyatda yuksak bo‘lishi tabiiy ekanligini va bu o‘z navbatida ochiq fuqarolik jamiyatining asosiy sharti bo‘lib, fuqarolarning hohish irodasini ifoda etuvchi saylovlar jarayonida muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Jumagul Karimova, Baxmal tumani, O‘smat shaharchasida yashovchi pensioner:
—Prezidentlikka nomzodning Saylovoldi dasturi bilan tanishish mobaynida ayniqsa, biz keksa avlod vakillariga alohida e’tibor qaratilganiga guvoh bo‘ldim. Dasturdagi nafaqalar va moddiy yordamni asosan, kam ta’minlangan oilalar, moddiy yordamga muhtoj keksalar va bolalarga yo‘naltirish, ijtimoiy adolat, mehr-oqibat, ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida mahallaning aholini ijtimoiy himoya qilish markazi sifatidagi rolini oshirib borish chora-tadbirlarini ko‘rish bo‘yicha berilgan takliflar aholining keksa vakillariga, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand qatlamlariga berilgan alohida e’tibor namunasi deb bilaman.
Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonovning Namangan viloyatidagi ishonchli vakili Dilorom Abdurahimovaning o‘tkazgan uchrashuvlarida ikki mingdan ziyod saylovchi qamrab olindi. Muloqotlarda Prezidentlikka nomzodning O‘zXDP dasturiy maqsadlariga asoslangan saylovoldi dasturi saylovchilar tomonidan e’tirof etilib, astoydil qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Saylovchilar, ayniqsa, aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish tariflarining davlat tomonidan tartibga solinishini takomillashtirish orqali kommunal xizmatlar narxlarini maqbullashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratishning muhim omili bo‘lgan qurilish sohasini modernizatsiya qilish masalalariga keng e’tibor qaratilgani yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etmoqda.
Mavluda Mahkamova, Mingbuloq tumanidagi 43-umumta’lim maktabi direktori:
—Xatamjon Ketmonovning Saylovoldi dasturidagi taraqqiyot mezonlari juda hayotiy va bizlarni o‘ylantirayotgan masalalardir. Nomzodimizning ayniqsa, bepul va imtiyozli to‘lovlar asosida faoliyat ko‘rsatadigan davlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, kollejlar va akademik litseylarni o‘quv adabiyotlari bilan to‘liq ta’minlash choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi maqsadlarini biz pedagoglar astoydil qo‘llab-quvvatlaymiz.
Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonovning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ishonchli vakili Halilla Yeshimbetovning Ellikqala tumanida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida yirik korxonalarga kasanachilik ish joylarini tashkil etish bo‘yicha majburiy kvotalar belgilash orqali jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslar (nogironlar)ni kasanachilik faoliyatiga jalb qilishni kengaytirish masalasi qizg‘in muhokama qilindi.
Aysha Matniyazova, Ellikqal’a tumani Arxeologiya va tarix muzeyi direktori:
—Nomzodning Saylovoldi dasturi bilan tanishganimizda shunga amin bo‘ldikki, dasturdagi asosiy ustuvor yo‘nalish, avvalambor, aholining davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilish hisoblanadi. Ayniqsa, nogironlar mehnat qilishi uchun ixtisoslashgan korxonalarni tashkil etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish, jumladan, ushbu maqsadda davlatning markazlashgan sarmoyalari hisobidan bunday korxonalar tarmog‘ini rivojlantirish masalasi diqqatimizni tortdi.
Saylovoldi dasturidagi yana bir muhim jihat – hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini tuzishda joriy va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini to‘g‘ri va aniq belgilash masalasidir. Chunki bizning hududda so‘ngi yillarda yangi sohalar joriy etilmoqda, ko‘plab yangidan yangi korxonalar foliyat boshlamoqda. Mazkur korxonalarda esa ishlash uchun o‘ziga xos talablar mavjud bo‘ladi. Buning uchun o‘zimizning yigit-qizlarimiz orasidan malakali mutaxassislarni yetishtirib chiqarish lozim bo‘ladi.
Nomzod Saylovoldi dasturida jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning ijtimoiy hayotda to‘laqonli ishtirok etishlarini ta’minlash, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish uchun ijtimoiy ob’ektlarda nogironlarga maxsus kirish yo‘lagi — panduslar hamda ularga moslashtirilgan piyodalar yo‘lakchalari bo‘lishini ta’minlash, mavjud barcha bino va inshootlarni nogironlar kira olishlari nuqtai nazaridan xatlovdan o‘tkazish hamda yo‘lakchalarni nogironlarga moslash bo‘yicha maxsus davlat dasturini qabul qilish vazifasi keltirib o‘tilganligi bilan ahamiyatlidir.
Buyuk Ipak yo‘lining Markaziy tarmoqlari kesishgan nuqtalardan biri bo‘lgan, dunyo tamadduni uchun ahamiyatli qator olamshumul va buyuk kashfiyotlar zamini Xorazm viloyatida ishonchli vakil Raimbergan Saburovning saylovchilar bilan uchrashuvlari ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Xorazm elining bugungi taraqqiyoti va ulug‘ligining asosiy omili ushbu zamin xalqi azaldan faqat bugungi kunni emas, balki uzoq kelajakni ko‘zlab ish tutishi va bu oldimizda turgan muhim siyosiy jarayon — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovlar kunida muhim ahamiyat kasb etishi haqidagi fikrlar ishonchli vakilning Xiva tumani saylovchilari bilan bo‘lgan uchrashuvda alohida tilga olindi.
Vera Pak, O‘zbekiston qahramoni, partiya faoli:
—Men partiyamizdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturi bilan tanishib, unda partiya elektorat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan muhim jihatlar bilan birga, bugungi va ertangi iqtisodiy taraqqiyot uchun muhim bo‘lgan jihatlar inobatga olinganligini aytib o‘tmoqchiman. Ayniqsa, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarda mehnatga layoqatli aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirish, ushbu sohalarga mamlakatda mavjud bo‘lgan bo‘sh mehnat resurslarini faol jalb etish masalasi bugungi kunda albatta dolzarb masaladir.
Tijorat banklarining investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirishdagi ishtirokini yanada kengaytirish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni kreditlash tizimini soddalashtirish, makroiqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib, foiz stavkalarini minimal darajada belgilash, muammoli qarzlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik va bank xizmatlari sifatini yaxshilash orqali ularning investitsiyaviy faolligini kuchaytirish bo‘yicha berilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlayman.
Qashqadaryo viloyatining barcha tuman va shaharlari saylovchilari bilan Xatamjon Ketmonovning viloyatdagi ishonchli vakili Olim Ravshanov ishtirokidagi uchrashuvlarda so‘zga chiqqanlar nomzodning Saylovoldi dasturidagi ustuvor masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Jumladan, uchrashuvlarda so‘zga chiqqanlar uy-joylarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlash maqsadida, davlat mulkini xususiylashtirishdan olinadigan mablag‘larning bir qismini turarjoy fondini shakllantirishga yo‘naltirish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha ilgari surilgan takliflarni qo‘llab quvvatladi.
Zebo Shodiyeva, Dehqonobod tumanidagi Agrobiznes va transport kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi:
— Nomzodning saylovoldi dasturida yoshlar masalasiga ustuvor vazifa sifatida yondoshilgani bilan bir qatorda, aholi, ayniqsa, olis qishloq hududlarida birlamchi tibbiy yordamdan qulay va tez foydalanish imkoniyatini ta’minlovchi qishloq vrachlik punktlari tarmog‘ini kengaytirish masalasiga ham alohida urg‘u berilgan. Shuningdek, odamlarni tashvishga solayotgan muammolarini o‘rganish va ularni hal etishda amaliy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, bu borada yangi loyihalar, tashabbuslar bilan chiqishni maqsad qilib qo‘yilganligini a’lohida ta’kidlash lozim.
Buxoro viloyatidagi ishonchli vakil bilan bo‘lgan uchrashuvlarda so‘zga chiqqanlar nomzod Saylovoldi dasturida milliy manfaatlarga sodiqlik, mamlakat mustaqilligini asrash va mustahkamlash, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligini ta’minlash, fuqarolararo va millatlararo hamjihatlik, ijtimoiy barqarorlikni saqlash, O‘zbekistonni rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo‘shilish, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashga qaratilgan qator ezgu maqsadlar o‘rin olganligini alohida tilga oldi.
Saodat Yusupova, Shofirkon tuman “Guliston” MFY diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalar bo‘yicha maslahatchi:
— Xatamjon Ketmonovning dasturiy g‘oyalaridan kelib chiqib, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, elektorat manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy taraqqiyotning muhim masalalari to‘g‘risida o‘z qarashlari, yondashuv va tavsiyalarni jamiyatga taklif etib kelmoqda.
Mamlakatimizda siyosiy partiyalar o‘z hayotiy g‘oyalarini ilgari surishi, mamlakatni rivojlantirish strategiyasiga nisbatan aniq pozitsiyaga ega bo‘lishi demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Saylovoldi dasturida bozor iqtisodiyoti ijtimoiy yo‘naltirilgan va eng avvalo, jamiyat manfaatlari ximoyasiga qaratilgan bo‘lishi kerakligi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Xususan, ish bilan ta’minlanmagan aholi bandligini ta’minlash, sanoat, ishlab chiqarishni yanada rivojlantirishga ko‘maklashish, kommunal xizmatlar ko‘rsatishning samarasini yanada oshirish, ta’lim va sog‘likni saqlash sohalarini yanada takomillashtirish hamda yana bir qator dolzarb vazifalar belgilangan.
Xulosa o‘rnida alohida e’tirof etish joizki, mamlakatda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq demokratik davlat barpo etish borasida amalga oshirilgan ishlar fuqarolar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani hamda bu boradagi islohotlar istiqboliga e’tibor yuqori ekanini o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda yana bir bor o‘z isbotini topmoqda.
Reklama huquqi asosida
Izoh (0)