Braziliya prezidenti Mishel Temer Kolumbiyadagi aviahalokatda qurbon bo‘lgan braziliyalik futbolchilar xotirasiga motam e’lon qildi. Bu haqda, Globo teleradiokompaniyasiga asoslanib, “Interfaks” xabar bermoqda.
Motam 29-noyabrdan boshlanib, uch kun davom etadi.
Bundan tashqari, Temer halok bo‘lganlarning qarindoshlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq berdi.
Layner 29-noyabrga o‘tar kechasi La-Unyon shahri yaqinida halokatga uchradi. Havo kemasi bortida 72 yo‘lovchi hamda 9 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot ichida futbol bo‘yicha Braziliya A seriyasida harakat qilayotgan “Shapekoense” klubining 27 futbolchisi bo‘lgani ham xabar qilingandi.
“Shapekoense” futbolchilari 1-dekabr kuni Kopa Sudamerikano – Janubiy Amerika mintaqasi klublari o‘rtasidagi Kopa Libertadores turniridan keyin nufuzi jihatdan ikkinchi o‘rinda turadigan musobaqasi doirasida “Atletiko Nasyonal” klubiga qarshi maydonga tushishi kerak bo‘lgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Kolumbiyadagi aviahalokat oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 75 kishiga yetdi.
Izoh (0)