Chechenistonning “Kavkaz” trassasida uchta mashina ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi. Bu haqda 28-noyabr, dushanba kuni respublika rahbari Ramzan Qodirov Instagram’dagi sahifasida ma’lum qildi, deb yozadi “Interfaks”.
“Menga ma’lum qilishlaricha, ‘Kavkaz’ trassasi yaqinida yirik avariya yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, YTHga Ford mashinasining haydovchisi 1976-yilda tug‘ilgan Alam Xojayev sabab bo‘lgan. Guvohlarning so‘zlariga qaraganda, u mast ahvolda bo‘lgan”, — deb yozdi Qodirov.
Xojayev qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va ‘Vaz-21014’ bilan ro‘paradan to‘qnashgan. YTHda uchta mashina ishtirok etgan. Oqibatda yetti kishi — Xojayev, uning amakivachchasi, o‘n va 14 yoshli ikki qiz, shuningdek, 26 yoshli qiz va ikki nafar erkak halok bo‘lgan. Yana ikki kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan.
Checheniston rahbari halok bo‘lganlarning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)