Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev mamlakat hokimiyatini o‘z farzandlariga meros qilib qoldirmoqchi emasligini aytdi. Bu haqda u Bloomberg agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Farzandlarimni nasliy merosxo‘r qilishni ko‘zda tutayotganim yo‘q, bu biz uchun to‘g‘ri kelmaydi, deb o‘ylayman”, — deya Nazarboyev so‘zlaridan iqtibos keltirdi agentlik. “Bizda hokimiyatning o‘tkazilishi (berilishi) konstitutsiyada yozib qo‘yilgan”, — deya qo‘shimcha qildi u hozircha o‘z o‘rinbosari haqida hech narsa deya olmasligini ta’kidlab.
“2020-yilgacha men ishlayman, 2020-yilda esa biz siz bilan uchrashamiz”, — dedi 2015-yilda yana besh yillik muddatga qayta saylangan 76 yoshli Nazarboyev.
Sentabr oyida uning to‘ng‘ich qizi Darig‘a Nazarboyeva Qozog‘iston Parlamenti Senati deputatligiga tayinlangan edi. O‘rtancha qizi Dinara Kulibayeva esa turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev bilan mamlakatdagi ikkinchi eng yirik bankni boshqaradi.
Izoh (0)