Rossiya aloqa operatorlari ishbilarmonlar o‘rtasida aloqalar o‘rnatishga qaratilgan ijtimoiy tarmoq — LinkedIn’ni bloklab qo‘ydi. Bu haqda “Roskomnadzor” agentligi xabar qildi.
10-noyabr kuni Moskva shahar sudi LinkedIn’ning Rossiya hududida bloklanishi qonuniy ekanligini tasdiqladi, negaki resurs shaxsiy ma’lumotlarni mahalliylashtirish to‘g‘risidagi qonunni buzgan deb hisoblanmoqda.
“Roskomnadzor”ning uqtirishicha, ijtimoiy tarmoq hali undan foydalanmayotgan kishilar haqida ma’lumot to‘plab, ularning ruxsatisiz tarqatadi. Bundan tashqari, regulyator LinkedIn serverlarini Rossiyaga ko‘chirmaganini eslatib o‘tdi.
O‘z navbatida, LinkedIn vakillari ijtimoiy tarmoq Rossiya qonunchiligi talablarini bajarishi shart emasligini ta’kidlamoqda, negaki uning foydalanuvchilari virtual nuqtai nazardan “amalda RF hududidan tashqarida bo‘ladi va shaxsiy ma’lumotlarini o‘sha yerda taqdim etadi”.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoq vakillarining fikriga ko‘ra, platforma faoliyatida foydalanuvchilarning huquqi buzilmaydi, negaki ular ro‘yxatdan o‘tish chog‘ida shaxsiy ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat beradi.
Izoh (0)