Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on yana bir bor mamlakatining Ukraina masalasida yetakchilar uchrashuvini qabul qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha xalqqa murojaatida bildirgan.

Uning ta’kidlashicha, Anqara mojaroning boshidanoq muvozanatli va tinchlikparvar pozitsiyani saqlab kelmoqda.
“G‘alla yo‘lagi va asirlar almashinuvi bizning tinchlikka yo‘naltirilgan siyosatimiz natijasidir. 16-may kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarning birinchi bosqichidan so‘ng har ikki tomondan mingta asir almashtirildi. 2-iyunda o‘tkazilgan ikkinchi bosqich natijalariga ko‘ra, 997 nafar halok bo‘lgan rossiyalik harbiy evaziga 7060 nafar ukrainalik harbiy xizmatchining jasadi topshirildi”, dedi Turkiya prezidenti.
Shuningdek, u Turkiyadagi muzokaralar jarayonida Ukraina mojarosiga barham beradigan tinchlik kelishuviga erishilishiga umid bildirgan.
“Fikrimizcha, bu urush allaqachon tugashi kerak. Biz doimo yetakchilar darajasidagi uchrashuvlarni o‘z hududimizda o‘tkazishga tayyormiz. Xuddi Istanbulda (Ukraina bo‘yicha) muzokaralar stoli tuzilganidek, yaqin kelajakda Turkiyada ham tinchlik stoli tuziladi va bu qonli urushga chek qo‘yiladi”, dedi Erdo‘g‘on.
23-iyul kuni Istanbulda Ukraina masalasini hal etish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya-Ukraina muzokaralarining uchinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. To‘liq tarkibdagi uchrashuv oldidan delegatsiyalar rahbarlari Vladimir Medinskiy va Rustem Umerov yuzma-yuz suhbatlashdi. To‘liq tarkibdagi muzokaralar taxminan 40 daqiqa davom etdi, tomonlar memorandumlar loyihalarida bayon etilgan pozitsiyalarni muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar nafaqat harbiylar, balki fuqarolarni ham almashtirishga kelishib olishdi. Rossiya Ukrainaga siyosiy, harbiy va insonparvarlik masalalarini hal qilish uchun onlayn tarzda uchta ishchi guruh tuzishni taklif qildi. Bundan tashqari, Moskva Kiyevga Ukraina Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining yana 3 ming jasadini topshirishni, shuningdek, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini yig‘ish uchun front chizig‘ida qisqa insonparvarlik tanaffuslariga qaytishni taklif etdi.
Izoh (0)