Hindistonda “Kerala Blasters” futbol klubining qariyb 35 ming muxlisi Fransiya terma jamoasi sobiq a’zosi, ayni damda “Real” bosh murabbiyi Zinedin Zidanning tasviri tushirilgan niqobni taqib oladi. Bu haqda, Marca nashriga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
“Kerala Blasters” ishqibozlari mamlakat chempionatining 10-turidan o‘rin olgan “Chenay Titans” jamoasiga qarshi o‘yinda Zidan niqobini taqishga qaror qildi. Sababi, raqib jamoaning o‘ynovchi murabbiyi Italiya termasi sobiq himoyachisi Marko Materatssi hisoblanadi.
Italiya va Fransiya terma jamoalari o‘rtasidagi JCh–2006 finalida Zidan boshi bilan Materatssining ko‘kragiga zarba bergani uchun maydondan chetlatilgan edi. Natijada Italiya penaltilar seriyasida zafar quchib, jahon chempioni bo‘lgandi.
Bir necha yil o‘tib italiyalik futbolchi Zidanning singlisini haqorat qilganini tan oldi. “Kerala Blasters” muxlislari shu tariqa Materatssiga qarshi norozilik aksiyasini uyushtirmoqchi.
Izoh (0)