Futbol bo‘yicha Jahon Chempionatidan bir yil avval bo‘lib o‘tadigan Konfederatsiyalar Kubogi uchun chiptalar sotuvi boshlandi, deb yozdi “Sports.ru”. Musobaqa Rossiyaning 4 ta shahri — Moskva, Sankt-Peterburg, Sochi hamda Qozonda o‘tkaziladi.
8-noyabr sanasidan e’tiboran sotuvga chiqqan chiptalarni birinchi bo‘lib Visa kartasidan foydalanuvchilar qo‘lga kiritgan. Muxlislar uchun har bir o‘yindan tashqari, ochilish marosimi, final va Rossiya termasi ishtirokidagi barcha bellashuvlarni tomosha qilish huquqini beradigan alohida chiptalar ham taklif etilgan.
Manba rossiyalik ishqibozlar uchun chiptalarning eng arzoni 960 rubl etib belgilangani, qolgan muxlislar esa Konfederatsiyalar Kubogi o‘yinlarini 70 dollardan tomosha qilishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Sakkiz jamoa ishtirok etadigan turnirning yetti vakili nomi allaqachon ma’lum. Unda Rossiya mezbon sifatida, Germaniya esa amaldagi jahon chempioni sifatida qatnashadi. Shuningdek, Yevropa chempioni Portugaliya, Osiyo yetakchisi Avstraliya, Kopa Amerika g‘olibi Chili, KONKAKAF chempioni Meksika va Okeaniya vakili Yangi Zelandiya Rossiyaga tashrif buyuradi. Sakkizinchi ishtirokchi Afrika Millatlar Kubogi g‘olibi bo‘ladi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)