Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni Buxoro viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Uchrashuvni partiya viloyat kengashi raisi F. Aminov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.
Dasturda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sanoatga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash va eksport hajmini ko‘paytirish, xususiy mulk va tadbirkorlik sohasini keng rivojlantirish, fermerlik harakatini yangi bosqichga ko‘tarish, aholi bandligini ta’minlash, hayot sifati va darajasini izchil yuksaltirish, barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Dasturda mamlakat iqtisodiyotining yuksalishida katta ahamiyatga ega bo‘lgan turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha dastur qabul qilish nazarda tutilgan. Sohadagi boshqaruv tizimini takomillashtirish, turistlar uchun viza berish va ro‘yxatga olish tartib-taomillarini soddalashtirish, yangi sayyohlik marshrutlarini yaratish, turizm infratuzilmasining izchil rivojlanishini ta’minlash, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, turizmni rivojlantirish bo‘yicha maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etish zarurligi qayd etilgan.
Butun mamlakatda bo‘lgani kabi Buxoro viloyatida ham barcha sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat sanoat salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan umumiy qiymati 142,5 milliard so‘mlik 470 loyiha amalga oshirildi, 7 mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi. Qishloqlarda namunaviy loyiha bo‘yicha qurilgan 900 dan ortiq uy-joy foydalanishga topshirildi.
Markaziy Osiyodagi yirik ishlab chiqarish majmualaridan biri bo‘lgan Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi boshlandi. Majmua tarkibiga yiliga 8,1 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlash quvvatiga ega zavod, shuningdek, 114 qazish qudug‘i, 11 maxsus maydon va 4 yig‘uv punktini o‘z ichiga olgan tabiiy gazni to‘plash tizimi kiradi. Mazkur loyiha O‘zbekiston gaz konlarini o‘zlashtirishni yangi bosqichga ko‘taradi. Zavodda 2 mingdan ziyod doimiy ish o‘rni yaratiladi.
Videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatning barcha shahar va tuman markazlaridagi saylovchilar bilan ochiq muloqot bo‘ldi.
Mehnat faxriysi B. Jumayev, Peshku tumanidagi “Malishoyak” fermer xo‘jaligi rahbari S. Jumayeva, mehnat faxriysi M. Rafiqov, Olot tumanidagi "Himmat" fermer xo‘jaligi rahbari Q. Xudoyev va boshqalar tarixan qisqa davrda mamlakat har tomonlama rivojlanayotgan zamonaviy davlatga aylangani, odamlarning hayot darajasi, dunyoqarashi va madaniyati tobora yuksalib borayotganini faxr bilan ta’kidladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari milliy qonunchilik va xalqaro demokratik tamoyillarga mos ravishda o‘tayotganini qayd etdi. Saylovchilarni 4-dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)