O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 26-oktabr kuni “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matnini O‘zA keltirdi.
Mamlakatimizda yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, hududlarni raqobatdosh va eksportga yo‘naltirilgan zamonaviy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga yanada faol jalb qilish, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport, ijtimoiy infratuzilma va logistika xizmatlarini jadal rivojlantirishni ta’minlash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni kengaytirishning eng muhim omili sifatida erkin iqtisodiy zonalarni izchil rivojlantirish borasida yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi, “Angren” va “Jizzax” maxsus industrial zonalari nomini birxillashtirish maqsadida ularni “Navoiy”, “Angren” va “Jizzax” erkin iqtisodiy zonalari deb atash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar “Navoiy”, “Angren” va “Jizzax” erkin iqtisodiy zonalari (keyingi o‘rinlarda — erkin iqtisodiy zonalar) faoliyatini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
xorijiy investorlarga mamlakatimiz iqtisodiyotining real sektorlariga investitsiya kiritishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida erkin iqtisodiy zonalar uchun yagona huquqiy rejimni belgilash, soliq va bojxona imtiyozlari, preferensiyalarni birxillashtirish;
mahalliy mineral-xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlaydigan va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqaradigan yuqori texnologiyali va mahalliylashtiriladigan zamonaviy korxonalarni tashkil qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni, avvalambor, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish, erkin iqtisodiy zonalarning muayyan sohaga ixtisoslashuvini qo‘llab-quvvatlash va ularda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish;
erkin iqtisodiy zonalarda “yagona darcha” tamoyili asosida barcha turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishga, jumladan, ruxsat berish tartib-taomillariga bosqichma-bosqich o‘tish;
ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, shuningdek, sifatli logistika xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish;
oliy, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida erkin iqtisodiy zonalarning soha kadrlariga bo‘lgan hozirgi va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, ularning erkin iqtisodiy zonalarda joylashgan korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashini nazarda tutgan holda, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni tashkil etish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 19-sentabrdagi R-4351-sonli farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni tahlil qilish va ishlab chiqish komissiyasining erkin iqtisodiy zonalar hududida amalda qo‘llanilayotgan soliq va bojxona rejimlarini birxillashtirish hamda ushbu zonalar ishtirokchilarining quyidagilardan:
yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslar mulk solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi, shuningdek, Respublika yo‘l jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasiga majburiy ajratmalaridan;
o‘zining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinadigan uskunalar, xomashyo, material va butlovchi buyumlar, shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan va loyihalarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan qurilish materiallari uchun bojxona to‘lovlaridan ozod etish (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilansinki, mazkur bandda qayd etilgan bojxona imtiyozlari qo‘llangan holda olib kelingan uskunalar, xomashyo, material va butlovchi buyumlar sotilgan yoki beg‘araz berilgan hollarda, ular olib kelingan paytdan boshlab uch yil davomida bojxona to‘lovlari qonunchilikda belgilangan tartibda to‘liq hajmda undiriladi.
4. Belgilab qo‘yilsinki, Farmonning 3-bandida ko‘zda tutilgan imtiyozlar kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab 3 yildan 10 yil muddatgacha, jumladan:
300 ming AQSh dollaridan 3 million AQSh dollarigacha hajmdagi investitsiyalar — 3 yil muddatga;
3 million AQSh dollaridan 5 million AQSh dollarigacha hajmdagi investitsiyalar — 5 yil muddatga;
5 million AQSh dollaridan 10 million AQSh dollarigacha hajmdagi investitsiyalar — 7 yil muddatga;
10 million va undan ko‘p AQSh dollari hajmidagi investitsiyalar so‘nggi 5 yilda amaldagi stavkalardan 50 foiz kam hajmdagi daromad solig‘i va yagona soliq to‘lovi stavkalari qo‘llangan holda — 10 yil muddatga beriladi.
5. “Angren” va “Jizzax” erkin iqtisodiy zonalari ishtirokchilari uchun shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari:
erkin iqtisodiy zonalar faoliyati davomida eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan xomashyo, material va butlovchi buyumlar uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi;
erkin iqtisodiy zonalar doirasida ishtirokchilar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq xorijiy valyutada hisob-kitob qilish va to‘lash;
O‘zbekiston Respublikasining boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlari — rezidentlari tomonidan yetkazib berilgan tovarlar, ishlar (xizmatlar) uchun xorijiy valyutada to‘lash, shuningdek, eksport va import qilinadigan tovarlar uchun o‘zlariga qulay bo‘lgan to‘lash hamda hisob-kitob qilish shart va shakllaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
6. “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi, “Angren” va “Jizzax” maxsus industrial zonalarining Ma’muriy kengashlari tugatilib, ularning o‘rniga erkin iqtisodiy zonalar Ma’muriy kengashi ilovaga muvofiq tashkil etilsin.
Quyidagilar erkin iqtisodiy zonalar Ma’muriy kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va davlat tomonidan tartibga solish;
korxona va tashkilotlarga — erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari maqomini berish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari bo‘lgan xo‘jalik subyektlariga erkin iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun istiqbolli investitsiya loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha kompleks xizmatlar ko‘rsatish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, moliyalashtirish manbalarini belgilash, mustahkam kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksportga yo‘naltirishga ko‘maklashish;
erkin iqtisodiy zonalarda loyihalarni amalga oshirishga mas’ul vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalarining loyiha, tender hamda shartnoma hujjatlarini o‘z vaqtida tayyorlash va ularni ekspertizadan o‘tkazish, shuningdek, joylardagi davlat hokimiyati organlarining erkin iqtisodiy zonalar faoliyati bilan bog‘liq masalalarga oid ishlarini muvofiqlashtirish;
erkin iqtisodiy zonalarda obyektlar qurish va ularni o‘z vaqtida foydalanishga topshirishga doir tasdiqlangan investitsiya loyihalari hayotga tatbiq etilishini tizimli asosda nazorat qilish;
erkin iqtisodiy zonalarda transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish dastur va loyihalarini ishlab chiqishni tashkil etish;
erkin iqtisodiy zonalarning samarali faoliyat ko‘rsatishini tashkil etish, erkin iqtisodiy zonalar direksiyalarini shakllantirish va ular faoliyati ustidan nazorat qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
7. Erkin iqtisodiy zonalar Ma’muriy kengashiga:
erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalar va davlat tasarrufida bo‘lgan mulklarni investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan “nol” qiymatda sotish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
erkin iqtisodiy zonalarning xizmatlar ko‘rsatish va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda, ular foydalanayotgan va boshqaruvidagi yerlar, bino va inshootlarni ijaraga berishdan tushadigan tushumlar hisobidan shakllantiriladigan o‘z budjetlarini tashkil qilish;
ushbu budjetlar doirasida erkin iqtisodiy zonalar infratuzilmasini rivojlantirish va faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan Erkin iqtisodiy zonalar jamg‘armalarini tashkil etish huquqlari berilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari va uyushmalar bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
erkin iqtisodiy zonalar Ma’muriy kengashi to‘g‘risidagi Nizomni;
“Navoiy”, “Angren” va “Jizzax” erkin iqtisodiy zonalari faoliyatini yanada takomillashtirish va kengaytirish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini va ushbu zonalarni rivojlantirishning boshqa masalalariga taalluqli aniq tadbirlar ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash uchun taqdim etsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiquvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R. Azimov zimmasiga yuklansin.
Izoh (0)