Pokistonning Islomobod shahrida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekistonning Islomoboddagi elchixonasi hamda Pokiston Tinchlik va diplomatiya instituti tomonidan tashkil etildi, deb xabar beradi “Jahon”.
Tadbirda Pokiston Milliy Assambleyasi deputatlari, vazirlik va idoralar, jamoatchilik va ekspertlik doiralari vakillari, mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus xodimlari ishtirok etdi.
Anjuman ishi Islom Karimov xotirasiga bir daqiqa sukut saqlash bilan boshlandi. Tadbir davomida Birinchi Prezidenti hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil etildi, shuningdek, mustaqillik yillarida O‘zbekiston erishgan yutuqlar aks etgan videolavha namoyish etildi.
Pokiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, mamlakatning Toshkentdagi sobiq elchisi Vohid al-Hassan o‘z chiqishida o‘zbek xalqi nafaqat Prezidentini, balki o‘zbek millatining asoschisini, Pokiston esa ishonchli do‘stini yo‘qotganini ta’kidlab o‘tdi.
U Toshkentdagi faoliyati yillarini, shuningdek, Islom Karimov bilan uchrashuvini iliqlik bilan esladi. U O‘zbekistonda Islom Karimovning shaxsiy tashabbusiga ko‘ra ishlab chiqilgan va amalga oshirilgan keng miqyosli siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarga guvoh bo‘lganini aytdi.
Vohid al-Hassan Islomobod O‘zbekiston bilan hamkorlikka katta e’tibor qaratishi va Toshkentni mintaqadagi ishonchli sherigi sifatida ko‘rishini aytib o‘tdi.
O‘z chiqishining yakunida u Pokiston hukumati nomidan Islom Karimovning oilasiga, O‘zbekiston hukumatiga va xalqiga samimiy hamdardlik izhor etdi.
O‘z navbatida, Pokiston Milliy Assambleyasi deputati Gous Bahsh Mohir Pokiston va O‘zbekistonni chuqur madaniy ildizlar bog‘lab turishini, bu esa ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishini alohida qayd qilib o‘tdi.
Mohir Islom Karimovning faoliyatiga yuksak baho berdi, ayniqsa uning mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mamlakat iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etdi. Uning fikricha, Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilgan samarali tashqi va ichki siyosat O‘zbekistonning jahonning shiddat bilan rivojlanayotgan mamlakatlari qatoriga qo‘shilishiga zamin yaratdi. Deputat har safar O‘zbekistonga borganida ulkan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lishini ta’kidladi.
“Islom Karimovning O‘zbekistonning gullab-yashnashi, tinchlikning mustahkamlanishi va taraqqiyotga erishilishiga qo‘shgan hissasi insonlarning yuragida saqlanib qoladi. Uning xalq farovonligini oshirish bo‘yicha doimiy sa’y-harakatlari ulkan hurmatga sazovor”, — ta’kidladi u.
Izoh (0)