Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Kengashi jahon chempionati final bosqichining ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasini ijobiy qabul qildi. Bu haqda FIFA prezidenti Janni Infantino tashkilotning Syurix shahrida o‘tayotgan Kengash yig‘ilishida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Oldinroq Infantino JCh–2026 ishtirokchilari sonini 32 tadan 40 tagacha, keyinroq 48 tagacha oshirish taklifini bildirdi. Ushbu masala yuzasidan qaror 2017-yilning yanvar oyida qabul qilinishi kutilmoqda.
“FIFA Kengashi JCh ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasini ijobiy qabul qildi. Bizda Yevropa chempionati ishtirokchilarini 24 tagacha oshirgan UEFAning yaxshi namunasi bor. JCh ishtirokchilari 40 yoki 48 ta bo‘lishi yanvar oyida aniqlanadi”, – dedi Infantino.
“JCh ishtirokchilari sonini oshirish sifatga ta’sir qiladi, deb hisoblamayman. O‘tgan jahon chempionatini eslang. Italiya va Angliya guruhdan chiqa olmagandi. Futbol rivojlanmoqda va biz uning o‘sishda davom etishiga yordam berishimiz kerak. Ishtirokchilar soni ko‘payganda, turnir darajasi oshadi”, – deya qo‘shimcha qildi FIFA prezidenti.
Ma’lumot uchun, FIFA Kengashining Syurixdagi yig‘ilishi 13–14-oktabr kunlari bo‘lib o‘tmoqda.
Izoh (0)