O‘zbekistonlik tennischilar Denis Istomin va Sanjar Fayziyev Tashkent Challenger—2016 chorak finaliga yo‘llanma oldi, deb yozdi “Olamsport”.
Musobaqani sensatsion g‘alaba bilan boshlab, o‘zidan 377 pog‘ona oldinda borayotgan tennischi Yevgeniy Donskoyni mag‘lub etgan Sanjar Fayziyev, ikkinchi bosqichda Aleksandr Neyedovesovga chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘ydi.
Jahon reytingida 204-o‘rinda borayotgan qozog‘istonlik tennischiga qarshi o‘yinning birinchi setini Fayziyev 0:6 hisobida boy berib qo‘ygandi. Keyingi ikki setdagi g‘alaba esa unga chorak final eshiklarini ochdi — 7:6, 6:3.
O‘zbekistonning birinchi raketkasi Denis Istomin mukofot jamg‘armasi 125 ming AQSh dollari bo‘lgan turnirning ikkinchi bosqichida ukrainalik Denis Molchanovni taslim qildi — 4:6, 6:3, 6:2.
Istomin dunyo reytingida 125-o‘rinda bo‘lsa, Molchanov 101-pog‘onada qayd etilgan.
Yarim final yo‘lida Istomin xorvatiyalik Ivan Dodiga qarshi kortga tushadi. Sanjar Fayziyev esa rossiyalik Konstantin Kravchukka qarshi bahs olib boradi.
Izoh (0)