Toshkent shahridagi Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabida 8–15-oktabr kunlari mukofot jamg‘armasi 125 ming dollarga teng ATP turkumidagi Tashkent Challenger tennis turniri start oladi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Xabarda ma’lum qilinishicha, dunyoning 30 mamlakatidan 100 nafarga yaqin professional tennischi mazkur musobaqada ishtirok etish uchun ariza topshirdi.
Tashkent Challenger turnirining amaldagi chempioni, ATP reytingida 123-pog‘onani egallab turgan o‘zbekistonlik Denis Istomin bu yilgi bahslarda ham ishtirok etadi. O‘zbekistonlik tennischilardan, shuningdek, Sanjar Fayziyev (607), Jo‘rabek Karimov (754) va Humoyun Sultonov (746) ushbu musobaqada qatnashadi.
Musobaqada, shuningdek, dunyoning yetakchi tennischilari – Irji Veseli (Chexiya, 52), Jeremi Shardi (Fransiya, 78), Rikardas Berankis (Litva, 80), Yevgeniy Donskoy (Rossiya, 95) va Konstantin Kravchuk (Rossiya, 99) ham bosh sovrin uchun kurash olib boradi.
Ma’lumot uchun, turnirning saralash bahslari 8–9-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Yarim finalga qadar barcha uchrashuvlar soat 10:00 da start oladi. Yarim final bosqichidan boshlab bellashuvlar 11:00 da o‘tkaziladi.
Juftliklar bahsi finali 14-oktabrga, yakkalik bahslari finali esa 15-oktabrga belgilangan.
Izoh (0)