Termizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda okrug hududida saylov uchastkalari tuzish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi, deb xabar beradi O‘zA.
Yig‘ilishda harbiy qismlar komandirlari, Termiz shahri va tuman hokimliklarining prezidentlik saylovini o‘tkazuvchi saylov uchastkalarini tuzish to‘g‘risidagi taqdimnomalari ko‘rib chiqilib, 9-Surxondaryo saylov okrugi hududida 734 saylov uchastkasi tashkil etildi. Saylov uchastkalarining tartib raqami, chegarasi va manzili ko‘rsatilgan ro‘yxati tasdiqlandi.
“Bu haqdagi qaror ijro uchun tuman va shahar hokimliklariga, tegishli idoralarga jo‘natiladi. Mahalliy matbuotda chop etilib, saylovchilar xabardorligi ta’minlanadi. Unda saylov uchastkalarining chegarasi, manzili, ovoz beruvchilar soni, ovoz berish binolarining joylashishi bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar o‘z aksini topadi”, — dedi okrug saylov komissiyasi a’zosi M. Qodirova.
Yig‘ilishda joylarda tashkil etilayotgan saylov uchastkalarini davlat ramzlari, mebel, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, aloqa vositalari, uchastka saylov komissiyasi faoliyatini yorituvchi stendlar bilan ta’minlash, yo‘l va yo‘laklarni ta’mirlash, tevarak-atrofni obodonlashtirish yuzasidan ham zarur tavsiyalar berildi.
Okrug saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan brifingda saylovga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Izoh (0)