Dunyo okeani sathi so‘nggi 23 ming yil ichida Grenlandiya muzliklari erishi hisobidangina 4,6 metrga ko‘tarildi, bu olimlarning avvalgi hisob-kitoblaridan ancha yuqori ko‘rsatkich. Bunday xulosaga Kopengagen universiteti dotsenti Shfakat Abbos Xon rahbarligidagi tadqiqotchilar xalqaro guruhi keldi, deb yozadi “TASS”.
“Sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatuvlar va aerofotosyomka ma’lumotlari Grenlandiya muzliklari so‘nggi 20—100 yil ichida qanchalik darajada chekinganini baholash imkonini beradi”, — dedi Xon.
GPS-kuzatuv ma’lumotlari Yerning eng katta oroli muz qatlami erib borishi bilan, asta-sekin, ammo qat’iylik bilan dengiz tubidan ko‘tarilayotganini ko‘rsatdi. Grenlandiya janubi-sharqida ko‘tarilish yiliga taxminan 12 mm tezlikda sodir bo‘lmoqda.
Olimlar yaratgan kompyuter modeli so‘nggi muzlik maksimumidan buyon Grenlandiya o‘z muzlarining qariyb 40 foizini yo‘qotganini ko‘rsatdi. Agar orolning mavjud muzliklarining barchasi eritilsa, Dunyo okeani sathi yana 7,5 metrga ko‘tariladi.
BMT tomonidan ta’sis etilgan Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi hisob-kitoblariga ko‘ra, Dunyo okeani sathi asr oxiriga kelib, bir metrga ko‘tarilishi mumkin.
Izoh (0)