Toshkent Fotosuratlar uyida “Shanxay sehri” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Shanxay shahri munitsipial hokimiyati hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmaning ochilishida turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlar, mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov, Xitoy Xalq Respublikasi elchisi Sun Litsze, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sh.Turdiqulov va boshqalar ishtirok etdi.
Ko‘rgazmadan o‘rin olgan “Shanxay tongi”, “Zamonaviy raqs”, “Shanxay kino muzeyi”, “Xiva”, “Buxoro”, “Samarqand” kabi yetmishdan ortiq fotosuratlarda Shanxay va O‘zbekistonning go‘zal shaharlari, mahalliy aholining urf-odatlari, xalqlarning tarixi va milliy o‘ziga xosligi, bunyodkorlik inshootlari, sanoat obyektlari tasvirlangan.
Ko‘rgazma doirasida Shanxay shahar kutubxonasi va Shanxay xorijiy tillar universiteti tomonidan Samarqand shahridagi Konfutsiy instituti uchun xitoy xalqi urf-odatlari va an’analari, Shanxay shahrining iqtisodiy va ijtimoiy hayotiga bag‘ishlangan kitoblar, audio va videomateriallar taqdimoti bo‘ldi.
Izoh (0)