Saudiya Arabistonining tegishli tashkilotlari IShID guruhi bilan bog‘liq uchta terrorchi yacheykani fosh etdi. Bu haqda, Al Arabiya telekanaliga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Aytilishicha, operatsiya asosan shialar istiqomat qiluvchi ash-Sharqiya viloyatining al-Axso tumanida o‘tkazildi.
IShIDga aloqadorlikda gumonlanayotgan 17 kishi hibsga olindi. Maxsus xizmatlardagi ma’lumotlarga qaraganda, ular ruhoniylar, kuch tuzilmalari xodimlari, masjidlar, kazarmalar, maxsus xizmatlar shtab-kvartiralari va iqtisodiy obyektlarni nishonga olgan holda teraktlar uyushtirishni rejalashtirgan.
Qo‘lga olinganlarning 13 nafari Saudiya Arabistoni fuqarosi, shuningdek, ular orasida bir nafardan Misr, Yaman, Falastin fuqarolari bor. Qo‘lga olinganlardan biri ayol bo‘lib, uning fuqaroligi haqida ma’lumot yo‘q.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)