Mobil telefon akkumulyatorining alangalanishi Delta Airlines (AQSh) aviakompaniyasi layneri bortidagi yong‘inga sabab bo‘ldi. Bu haqda Airlive portali xabar bermoqda.
Hodisa 16-sentabr, juma kuni sodir bo‘ldi. Alangalanish samolyot Norfolkdan (Virginiya shtati) parvoz qilganidan 15 daqiqa o‘tib boshlandi. O‘t o‘chirishda ekipaj a’zolariga shu reysda uchgan iste’fodagi harbiy yordam bergani bildirilmoqda.
Voqea tufayli bir necha o‘rindiqlar zararlangan, biroq hech kim jabrlanmadi. Havo kemasi kapitani majburiy qo‘nishni amalga oshirmaslik va parvozni davom ettirishga qaror qilgan. Aynan qaysi rusumdagi telefon favqulodda holatga sabab bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq jahonning bir qator aviakompaniyalari o‘zlarining samolyotlari bortida Samsung Galaxy Note 7 smartfonlaridan foydalanishni man etgani, bunga gadjet akkumulyatorlaridagi nosozlik sabab bo‘lgani ma’lum qilingandi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)