Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon Shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston qizlar terma jamoasi 140 mamlakat orasida 22-o‘rinni qo‘lga kiritgandi. Musobaqadan so‘ng “Olamsport” nashri jamoa yetakchisi Nafisa Mo‘minova bilan suhbatlashdi.
“Boku eng yaxshi Shaxmat Olimpiadasini tashkil qilamiz deb harakat qilgandi, ular buning uddasidan chiqdi”, — deb so‘z boshladi Nafisa Mo‘minova.
Jurnalistning 11 ta o‘yinda qo‘lga kiritilgan eng yoqimli g‘alaba va eng alamli mag‘lubiyati to‘g‘risidagi savoliga Nafisa o‘zi imkoniyatni boy berib qo‘ygan bahs eng alamlisi ekanini aytish bilan javob qaytardi:
“Gollandiyaga qarshi o‘yinda men pozitsiyani yutqazib qo‘ydim. Shu tufayli biz 1,5:2,5 hisobida mag‘lub bo‘ldik. Bu menga juda yomon ta’sir qildi. Murabbiydan so‘nggi tur uchun meni qo‘ymasligini so‘radim. U bunga ko‘nmay, o‘ynashim kerakligini aytdi. O‘sha kuni Slovakiyani mag‘lub etdik, bu eng yoqimli g‘alaba bo‘ldi. Men raqibim bilan durang o‘ynagan bo‘lsam ham”.
Nafisa Mo‘minova ayollar termasida Sarvinoz Qurbonboyeva o‘z imkoniyatidan yuqoriroq o‘ynaganini e’tirof etib, dugonalari Irini, Gulruhbegim va Nodira imkoniyatidan pastroq dona surganini tan oldi.
Nodira Nodirjonovaning nima sababdan qolgan qizlarga qaraganda kamroq bellashuv o‘tkazganiga sabab sifatida, uning farzandli bo‘lgani va formasini tiklash uchun vaqt kam bo‘lgani ko‘rsatildi:
“Nodira farzandli bo‘ldi va terma jamoaga yaqinda qaytdi. Sport formasini tiklashga ulgurmadi. Shu boisdan murabbiy bir qator o‘yinlarda uni o‘ynatmadi”, — dedi o‘zbekistonlik shaxmatchi.
Nafisa Mo‘minova erkaklar terma jamoasining 180 mamlakat orasida 39-o‘rinni qo‘lga kiritganini o‘yin amaliyotining yetishmasligi bilan bog‘ladi. Suhbat so‘nggida yil oxiriga qadar hech qanday turnir yo‘q ekani haqida aytib, asosiy e’tiborini maktabga — o‘quvchilariga qaratishini ma’lum qildi.
Izoh (0)