O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida energiya samaradorligi sohasida tog‘-kon, metallurgiya, kimyo, neft va gaz tarmoqlari mutaxassislarining salohiyatini oshirishga bag‘ishlangan trening o‘z ishini boshladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Iqtisodiyot vazirligi tomonidan xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘tkazilayotgan trening vazirlik hamda Jahon banki guruhining “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.
Ochilish marosimida iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari D. Turdiyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori M. Aliyev va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbirda aytilishicha, ishlab chiqarishda energiya sig‘imini qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilda 500 million kilovatt/soat elektr energiyasi hamda 150 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishi kutilmoqda. Yetakchi iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish yiliga 250,1 million kilovatt/soat elektr energiyasi, 3 million kub metr tabiiy gaz hamda 20,1 Gkal issiqlik energiyasini tejash imkoniyatini yaratadi.
Iqtisodiyot vazirligi hamda Jahon banki guruhining “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida energiyani ko‘p miqdorda iste’mol qiluvchi tog‘-kon, kimyo, elektr energiyasi, neft va gaz, qayta ishlash tarmoqlarida amalga oshirilgan chora-tadbirlar samarasida 140 million kilovatt/soat elektr energiyasi hamda 50 million kub metr tabiiy gaz tejaldi. 32 sanoat korxonasida 81 subloyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, uning natijasida 536 million kilovatt/soat elektr energiyasi, 202 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishilishi ko‘zda tutilgan.
O‘quv treningi jarayonida energiya samaradorligi sohasidagi xalqaro ekspertlar tomonidan taqdim etilgan energiya resurslarini boshqarish va ulardan samarali foydalanishning muhim masalalari bo‘yicha yetti kunlik nazariy dastur asosida darslar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)