Ikki savdo kuni mobaynida Samsung Electronics aksiyalari 10,61 foizdan ko‘proqqa arzonlashdi. 12-sentabr, dushanba kuni Seuldagi Koreya birjasida savdolar yakunlanadigan payt ularning narxi donasi uchun avvalgidek 1,639 million von (1487 dollar) emas, 1,465 million vonni tashkil etdi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
Kotirovkalarning pasayishi Samsung Electronics bozor kapitallashuvi ikki kun ichida 22 milliard dollarga kamayishiga olib keldi. Dushanba kuni, savdolar tugagan payt u 249,51 trillion von yoki taxminan 226,375 milliard dollarga teng bo‘ldi.
Samsung Electronics aksiyalari narxi keskin pasayishi AQSh federal aviatsiya boshqarmasi va bir qator aviakompaniyalar Galaxy Note 7 smartfonlari akkumulyatorlari alangalanishi tufayli yo‘lovchilarni ularni samolyotlarda yoqmaslik va quvvatlantirmaslikka chaqirgach ro‘y berdi. Keyinchalik AQSh iste’mol mahsulotlari xavfsizligi komissiyasi Samsung Galaxy Note 7 egalaridan smartfonlardan foydalanishni to‘xtatish va ularni o‘chirib qo‘yishga da’vat etdi.
Ekspertlar taxminiga ko‘ra, uzoq muddatli istiqbolda Galaxy Note 7 bilan bog‘liq muammolar Samsung mavqeyiga 211 milliard dollar atrofida zarar keltirishi mumkin.
Izoh (0)