Indoneziyaning Sumatra orolida joylashgan Riau provinsiyasi rasmiylari o‘rmon yong‘inlari oqibatida oroldagi havo ifloslanishi tufayli 30-avgust, seshanba kunidan boshlab maktab darslarini bekor qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
O‘rmon yong‘inlarini bartaraf qilish bo‘yicha mahalliy favqulodda shtab ma’lumotiga ko‘ra, ifloslanish indeksi 360 gacha ko‘tarildi. Havo ifloslanishi indeksi 200 ga teng bo‘lsa, bu salomatlik uchun o‘ta xavfli sanaladi.
Riau provinsiyasi ta’lim boshqarmasining ma’lum qilishicha, ifloslanish darajasi kamayganidan so‘ng maktab darslarini tiklash haqida qaror qabul qilinadi. The Jakarta Post gazetasining ma’lum qilishicha, kuchli tutun sababli provinsiyaning bir nechta shahrida ko‘rinish 500 metrgacha tushib ketgan.
Bundan tashqari, Riau provinsiyasi sog‘liqni saqlash boshqarmasi aholini ochiq havoda vaqtni kamroq o‘tkazishga hamda himoya niqoblarini taqib yurishga chaqirdi.
Izoh (0)