Respublikachi Donald Tramp saylov shtabining ko‘zga ko‘ringan xodimlaridan biri prezidentlik lavozimi uchun demokratlardan nomzod Hillari Klinton og‘ir betob ekanligi va saylangan taqdirda ham prezidentlikning birinchi yili oxiriga qadar ishlay olmasligini ma’lum qildi. Bu haqda 24-avgust, chorshanba kuni Amerika OAVlari ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Interfaks”.
Tramp saylov kampaniyasining Shimoliy Virjiniya va Merilend shtatlaridagi direktori Jon Jaggers saylovoldi tadbirlaridan birida chiqish qila turib, Klinton oxirgi paytlarda omma oldida noodatiy issiq kiyimda paydo bo‘layotganligiga e’tibor qaratdi.
“Qay biringiz avgust oyida jun pidjak kiygan bo‘lardingiz? AQShning birinchi ayol prezidenti bo‘lishni istayotgan ayol har bir tadbirda jun pidjakda paydo bo‘lmoqda. Bu jiddiy masala. Bu ayol og‘ir betob va ular buni yashirishga urinmoqda. Shuning uchun gap Hillari Klinton keyingi sakkiz yil davomida prezident bo‘la olishi haqida emas, balki sakkiz yil davomida aslida prezident Tim Keyn bo‘lishi haqida borayapti”, — dedi u.
OAVlarning qayd etishicha, bu Klintonning muxoliflari uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq masalani ko‘tarib chiqishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. Bu mish-mishlarni rad etish uchun Klintonning shtabi iyul oyi oxirida uning to‘liq sog‘lomligi haqidagi tibbiy tekshiruvlar ma’lumotlarini e’lon qilgan edi.
Oldinroq Hillari Klinton ABC telekanalining jonli efirida jismoniy holati haqidagi mish-mishlarni rad etib, tuzlangan bodring bankasini qo‘li bilan ochgandi.
Izoh (0)