O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matnini O‘zA e’lon qildi.
”Mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish ishlaridagi katta xizmatlari, ko‘p yillik samarali mehnati bilan qishloq va suv xo‘jaligi, sanoat, transport, aloqa va qurilish sohalarini rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun quyidagilarga faxriy unvonlar berilsin”, — deyiladi farmonda.
Hujjatga muvofiq, yuqoridagi sohalarga o‘z hissasini qo‘shgan bir qator arboblar “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan paxtakor”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan pillachi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan transport xodimi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan aloqa xodimi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fuqaro aviatsiyasi xodimi” faxriy unvonlariga munosib ko‘rildi.
O‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy qudratini yuksaltirish, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga qo‘shgan munosib hissasi, fidokorona mehnati, vatanparvarligi va ijtimoiy hayotdagi faolligi bilan el-yurt izzat-hurmatiga sazovor bo‘lganligi uchun bir guruh shaxslar “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati”, “Do‘stlik” ordenlari, “Shuhrat”, “Jasorat”, “Sodiq xizmatlari uchun” medallari bilan mukofotlanadigan bo‘ldi.
Izoh (0)