Efiopiya vakili, Rio Olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritgan Feyisa Lilesa o‘z hayotidan xavfsirayotganini bildirdi. U yurtiga qaytsa, qamalishi yoki o‘ldirilishi mumkinligini aytmoqda, deb xabar beradi “RBK”.
Marafon finishida Lilesa qo‘llarini qovushtirib, boshi uzra ko‘tardi va bu bilan mamlakatda hukm surayotgan rejimga noroziligini bildirdi. Finishdan so‘ng u Efiopiyada hukumatga qarshi noroziliklari tufayli qamoqqa olingan oila a’zolariga daldasini bildirganini aytdi.
“Men o‘z xalqim uchun norozilik bildirdim. Bu qamoqda o‘tirgan qarindoshlarim uchun ko‘tarilgan qo‘llar edi. Bu ishoralarim yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini bilaman. Agarda yurtimga qaytsam, men o‘ldirishlari mumkin. Agar o‘ldirishmasa, qamoqqa otishadi. Qamoqqa tashlashmasa, shunchaki aeroportdan chiqarishmaydi. Boshqa davlatga ko‘chib o‘tsam kerak”, — dedi sportchi Sydney Morning Herald’ga bergan izohida.
Lilesaning so‘zlariga qaraganda, oxirgi to‘qqiz oy ichida Efiopiyada hukumatga norozilik bildirgan yoki huquqlarini talab qilgan mingdan ortiq odam o‘ldirilgan.
Lilesaning ishorasi — qovushtirilgan mushtlarni bosh uzra ko‘tarish — Efiopiyada hukumatga qarshi norozilik ifodasidir.
Izoh (0)