Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino tashkilotning sobiq rahbari Joao Avelanjning vafoti yuzasidan hamdardlik bildirdi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Avelanjning 24 yil davomida FIFA prezidenti lavozimida ishlagani futbolni haqiqatan ommalashtirdi va u dunyoning barcha burchaklariga kirib bordi. Butun futbol jamoatchiligi undan minnatdor bo‘lishi kerak. Uning oilasiga hamdardlik bildiraman”, – deb Infantinoning so‘zlaridan iqtibos keltiradi FIFA matubot xizmati.
Joao Avelanj 16-avgust, seshanba kuni 100 yoshida vafot etdi. Braziliyalik sobiq mutasaddi 2-iyul kuni Rio-de-Janeyrodagi shifoxonalardan biriga zotiljam tashxisi bilan yotqizilgandi. Ammo sog‘lig‘i yaxshilangani sababli u uch kundan keyin shifoxonani tark etgandi.
Avelanjning qarindoshlari va yaqinlariga Braziliya futbol konfederatsiyasi va Rossiya futbol ittifoqi ham hamdardlik bildirdi. Xususan, Braziliya futbol konfederatsiyasi mamlakat chempionatining navbatdagi tur uchrashuvlari 1 daqiqalik sukut saqlanish bilan boshlanishini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Joao Avelanj 8-mayda 100 yoshga to‘lgandi.
Izoh (0)