Milliy matbuot markazida “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbirda “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i E. Sa’dullayev jurnalistlar bilan muloqot qildi.
Uning ta’kidlashicha, mustaqillik yillarida elektr stansiyalarining quvvati 1,9 million kilovatt/soatga oshib, ishlab chiqarish o‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalaridagiga nisbatan qariyb 10 milliard kilovatt/soatga ko‘paydi.
O‘tgan davrda Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasida 600 megavatt, Talimarjon issiqlik elektr stansiyasida 800 megavatt quvvatga ega bo‘lgan energobloklar ishga tushirildi. Navoiy issiqlik elektr stansiyasida quvvati 478 megavattli zamonaviy bug‘-gaz qurilmasi bunyod etildi. “Toshkent issiqlik elektr markazida kogeneratsion gaz-turbina texnologiyasini joriy qilish” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida quvvati 27 megavattga ega gaz-turbina qurilmasi barpo etildi.
Hozirgi kunda Talimarjon, Toshkent, Taxiatosh va Navoiy elektr stansiyalarida bug‘-gaz qurilmalarini qurish loyihalari bajarilmoqda. Namangan viloyatida To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasini barpo qilish loyihasi doirasida har biri 450 megavattga ega bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasi qurilmoqda. “Talimarjon IESini ikkita har biri 450 megavatt quvvatiga ega bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasini qurish bilan kengaytirish” loyihasi bo‘yicha birinchi va ikkinchi bug‘-gaz qurilmalari uchun bug‘ va gaz turbinalari o‘rnatilmoqda. “Toshkent IESda quvvati 370 megavattga ega bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasini qurish” loyihasi doirasida qozon va bug‘ turbinasini yig‘ish yakunlanib, qurilish-montaj, gaz turbinasini yig‘ish ishlari olib borilmoqda. Ushbu loyihani joriy yilning yakunigacha tugallash ko‘zda tutilgan.
“Mamlakatimizda tabiiy resurslarni tejash va raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda, — dedi “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Hakimov. — Shu maqsadda ‘Jizzax’ maxsus industrial zonasida xorijlik hamkorlar ishtirokida quyosh energiyasi orqali suv isitish qurilmalarini ishlab chiqaruvchi ‘Quyosh issiqlik energiyasi’ hamda energiya tejamkor yorug‘lik-diodli yoritish qurilmalarini ishlab chiqaruvchi Yorqin chiroqlar korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi”.
Davlat rahbarining 2013-yil 1-martdagi “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Samarqand, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida har biri 100 megavatt quvvatga ega bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari qurilishi rejalashtirilgan. 2020-yilga qadar ishlab turgan GESlarni modernizatsiyalash va takomillashtirish ishlari ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)