O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori (pdf) bilan “Respublika bolalar tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiyasi markazining davolash-diagnostika korpusini qurish va jihozlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari tasdiqlandi, deya xabar bermoqda UzDaily.
Hujjat sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, respublika davolash-profilaktika muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tayanch-harakatlanish tizimi kasalliklariga chalingan bolalarga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida qabul qilindi.
Loyiha doirasida Toshkent viloyati, Qibray tumani, Salar posyolkasi, Bonur ko‘chasi, 4-uy manzilida joylashgan Respublika bolalar tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiyasi markazining 200 o‘rinli davolash-diagnostika korpusini va muhandislik kommunikatsiyalarini qurish, jihozlash rejalashtirilgan.
Loyiha 2017-yil 1-yanvargacha bajariladi va SYNECTA a.s. (Slovakiya) kompaniyasi tomonidan beriladigan beg‘araz yordam mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi, kelgusida obyekt O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga beriladi.
Ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq, obyektni qurish qiymati 55 milliard so‘mni, uni jihozlash qiymati esa 7 million AQSh dollarini tashkil qiladi.
Izoh (0)