Braziliya parlamentining yuqori palatasi — Federal senatda 9-avgust kuni mamlakat prezidentligidan vaqtinchalik chetlashtirilgan Dilma Russeffning impichmenti yuzasidan majlis boshlandi. Yaqin bir necha soat ichida parlamentariylar jarayonni davom ettirish yoki uni yakunlash haqida qaror qabul qiladi, deb xabar beradi “TASS”.
Yuqori palataning plenar majlisini senator Antoniu Anastasia ochib beradi. U deputatlarni Russeffning iste’fosi zarurligini asoslashga yo‘naltirilgan hisobotidan parchalar bilan tanishtiradi. Shundan so‘ng qolgan 80 senatorning har biri hamkasblari qarshisida 10 daqiqadan chiqish qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Nihoyat, so‘z navbati Russeffning iste’fosi jarayoni tashabbuskorlari hamda prezident advokatiga beriladi — har bir tomonga yarim soatdan vaqt ajratiladi. Barcha chiqishlar yakunlangach, senatorlar ovoz berishga kirishadi.
Yuqori palata Anastasianing hisobotini qo‘llab-quvvatlasa, impichment jarayoni yakuniy bosqichga o‘tadi. Senatorlar tomonlarning argumentlarini qaytadan ko‘rib chiqadi va imchipment yuzasidan boshqatdan ovoz beradi. Yakuniy qaror avgust oyining oxirida yoki sentabrning boshida qabul qilinish kutilmoqda.
Russeffning impichmenti tarafdorlari uni moliyaviy qonunbuzarliklarda ayblamoqda. Jumladan, prezident ikkinchi mandatining dastlabki oylarida parlament bilan maslahatlashmay budjet mablag‘larini ajratish borasida bir qancha farmonlarni imzolashda hamda davlat banklariga ajratiladigan to‘lovlarni ortga surishda ayblanmoqda.
Izoh (0)