“Barselona” hujumchisi Lionel Messi Argentina terma jamoasi safida 2018-yili Rossiyada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etadi. Bu haqda Argentina prezidenti Maurisio Makri ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Messi Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etadi va jamoa yetakchisi bo‘ladi. Ishonchim komil, u yana eng yaxshilaridan biriga aylanadi. Messi Argentinaning buyuk futbolchisi va u o‘zini qulay his qilishi uchun o‘z minnatdorchiligimizni ko‘rsatishimiz kerak”, – dedi Makri.
Argentina prezidenti avvalroq ham 29 yoshli futbolchining mamlakat termasi safiga qaytishiga ishonch bildirgandi.
Eslatib o‘tamiz, Lionel Messi Chiliga qarshi (0:0, penaltilar bo‘yicha: 2:4) Amerika Kubogi–2016 finalidagi mag‘lubiyatdan so‘ng terma jamoadagi ishtirokini yakunlashini e’lon qilgandi.
Messini o‘z fikridan qaytarish uchun Buenos-Ayresda unga atalgan haykal o‘rnatildi. Shuningdek, ushbu shaharda yuzlab argentinaliklar Messining terma jamoaga qaytishini so‘rab aksiya uyushtirgan edi.
Ma’lumot uchun, Argentina terma jamoasi Messi bilan to‘rtta – 2007, 2015 va 2016-yillarda Amerika Kubogi finallarida hamda 2014-yili Jahon chempionati finalida imkoniyatni boy bergandi.
Izoh (0)