Rossiyadagi 20 tacha tashkilotning tarmoqlariga zararli dasturiy ta’minot yuqtirildi. Bu haqda Federal xavfsizlik xizmati rasmiy bayonot berdi, deb xabar qilmoqda “Hi-Tech.Mail.ru”.
Xakerlar hujumiga davlat boshqaruvi va hokimiyati organlari, ilmiy va harbiy muassasalar, harbiy-sanoat kompleksi korxonalari hamda mamlakat infrastrukturasida muhim ahamiyatga ega boshqa obyektlar uchradi.
FXX xodimlari aniqlagan dasturiy ta’minot kiberjosuslik uchun ishlatilgani ma’lum qilinmoqda. Virus maqsadli ravishda tarqatilib, operatsiyani professionallar rejalashtirgani va amalga oshirgani aytilmoqda.
Mutaxassislar virus ilgari Rossiya va xorij davlatlarida uchragan ayrim namunalarga o‘xshashligini tasdiqladi. Har bir tarmoq uchun dasturlar majmui individual tarzda ishlab chiqilgan, bunda texnikaning o‘ziga xos jihatlari inobatga olingan.
Tizimni zararlash uchun xakerlar virusli maktubni elektron pochtaga yo‘llagan. Foydalanuvchi xatni ochsa, virus tarmoqqa o‘tgan. U tarmoq trafigini kuzata, ekrandan skrinshotlar ola, kamera va mikrofonni yoqa olgan, shuningdek, klavishalar bosilishini kuzatib borgan.
FXXning ma’lum qilishicha, tahdid ortda qolgan, virus ishining oqibatlari bartaraf etilgan.
Izoh (0)