NASDAQ birjasida Apple kompaniyasi aksiyalari narxi keskin tarzda o‘sdi, deb yozadi “RBK”.
27-iyul kuni kompaniya qimmatli qog‘ozlari savdosi 104,25 dollar darajasida ochildi, bu o‘tgan kungi savdolar yopilishi vaqtidagiga qaraganda, 7,84 foizga ko‘proq demakdir. Apple aksiyalari narxi yetgan maksimal qiymat 104,35 dollarga teng bo‘ldi.
Tahlilchilar kotirovkalarning keskin o‘sishini Apple tomonidan yaqinda e’lon qilingan moliya yilining uchinchi choragi bo‘yicha hisobot bilan bog‘lamoqda. O‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda kompaniya ko‘rsatkichlari yomonlashdi, ammo tahlilchilar prognozidan yaxshiroq bo‘lib chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, 2016-moliya yilining uchinchi choragida Apple kompaniyasining sof foydasi 27 foizga kamaydi. 25-iyun kuni tugagan chorak yakunlariga ko‘ra, sof foyda 7,8 milliard dollarga teng bo‘ldi. O‘tgan moliya yilining xuddi shu davrida esa ushbu ko‘rsatkich 10,68 milliard dollarni tashkil qilgan. Apple foydasi bitta aksiya hisobida 1,85 dollardan 1,42 dollargacha kamaydi.
Chorak davomida Apple gadjetlari savdosi yillik hisobda 15 foizga tushib ketdi, biroq bu natija ham prognozlardan yaxshiroq bo‘lib chiqdi: 40,02 millionta o‘rniga 40,39 millionta turli qurilmalar sotildi.
Izoh (0)