Buyuk Britaniya hukumati qirolicha Yelizaveta I ning 1588-yilda Ispaniya Armadasining mag‘lubiyatidan so‘ng chizilgan mashhur portretini Frensis Dreykning avlodlaridan sotib oldi. Bu haqda, The Guardian’ga asoslanib, “Vedomosti” xabar bermoqda.
Britaniya tarixidagi eng mashhur suratlardan biri bo‘lgan “Armada bilan portret” uchun 10,3 million funt jamg‘armalar va alohida fuqarolarning xayriyalari hisobidan to‘plandi. Kartinani “Grinvich qirollik muzeylari” sotib oldi. Ilgariroq muassasa durdona mamlakat tashqarisiga chiqib ketmasligi uchun pul to‘planishini e’lon qilgan edi.
Shartnoma 29-iyul kuni e’lon qilindi. Meros lotereyasi jamg‘armasi taqdim etgan 7,4 million funt sterling hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. “Grinvich qirollik muzeylari”ning o‘zi 400 ming funt sterling ajratdi, shuningdek, badiiy jamg‘arma 1 million funt berdi. O‘n hafta ichida taxminan 8 ming kishi turli miqdorda xayriya kiritdi, hatto maktablar ham mablag‘ to‘pladi.
Britaniyaliklarning ko‘plab avlodlari portretni tarix darsliklarida ko‘rgani bois u alohida shuhratga egadir. Yetti yoshli qiz o‘z maktabi oldida Tyudorlar davri libosida turib, 400 pishiriq sotib, to‘plangan pulni portret xaridi uchun taqdim etdi.
Portretning oxirgi egasi mashhur dengizchi va vitse-admiralning avlodlari bo‘lmish Tiruitt-Dreyk oilasi edi. Portret buyurtmachi ser Frensis Dreykning o‘zi bo‘lgani ham taxmin qilinadi. Muzeylar zarur summani to‘play olmaganida, rasm kim oshdi savdosiga qo‘yilishi va mamlakatdan olib chiqib ketilishi mumkin edi. Portretning bozor narxi 16 million funt sterlingdan oshishi mumkin.
Oktabr oyida portret Grinvich muzeylari majmuiga kiruvchi Kvins-xaus ekspozitsiyasidan o‘rin oladi.
Izoh (0)