Fransiya politsiyasi 22-iyul, juma kuni Parijning shimoliy qismida noqonuniy tashkil etilgan muhojirlarning yirik lagerini evakuatsiya qilish operatsiyasini o‘tkazdi. Bu haqda France-Presse agentligi ma’lumotiga tayanib, “TASS” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, vaqtinchalik turar joylardan 1,4 ming kishi ko‘chirilgan. Ularning aksariyati Eritreya, Somali va Afg‘oniston fuqarolaridir.
Operatsiya noxush hodisalarsiz o‘tdi. Muhojirlar avtobuslarga o‘tqizilib, ularni qabul qilish bo‘yicha rasmiy markazlarga olib borildi. U yerda allaqachon muhojirlar uchun 1,5 mingga yaqin joy tayyorlab qo‘yilgan.
Bu Parijda joriy yilda amalga oshirilgan 26-operatsiyadir. Uni o‘tkazishda Parij meriyasi va Il-de-Frans hududi vakillari hamda ijtimoiy uyushmalar xodimlari ishtirok etdi.
Izoh (0)