Rio—2016 tashkiliy qo‘mitasi yozgi Olimpiada o‘yinlari uchun mo‘ljallangan chiptalarning so‘nggi partiyasi sotuvga chiqqani haqida xabar berdi, deb yozdi “Vedomosti”.
Bunda gap umumiy qiymati 307 ming AQSh dollarini tashkil qiladigan 100 mingta chipta haqida bormoqda. Chiptalarning eng arzoni 6 dollardan bo‘lib, u San-Paulu shahrida bo‘lib o‘tadigan futbol turnirining guruh uchrashuvlariga kirish huquqini beradi. Olimpiadaning ochilish va yopilish marosimlari uchun chiqarilgan chiptalar esa 1400 dollardan sotiladi.
“Biz barcha sport turlariga kirish huquqini beruvchi chiptalarni sotmoqdamiz. Bu Olimpiada o‘yinlariga chipta sotib olishga ulgurmagan odamlar uchun juda yaxshi imkoniyat”, — deb ta’kidladi chiptalar savdosi bo‘yicha tashkiliy qo‘mita direktori Donovan Ferreti.
Direktorning so‘zlariga ko‘ra, talab asosan ochilish va yopilish marosimlarini kuzatib borishga bo‘lmoqda. Basketbol, voleybol, futbol, tennis va suzish sport turlariga bo‘lgan qiziqish ham katta.
O‘tgan hafta tashkilotchilar Rio—2016 Olimpiadasi uchun chiqarilgan jami chiptalarning 70 foizi sotib bo‘lingani haqida xabar bergandi. Ularning qo‘shimcha qilishicha, bu rejadagi muddatdan ilgariroq harakat qilinayotganini bildiradi.
Paraolimpiya o‘yinlari uchun bo‘lgan qiziqish u qadar yuqori emas. Uning uchun chiqarilgan chiptalarning 29 foizigina sotib bo‘lingan.
Izoh (0)