14-iyul kuni O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Koreya Respublikasining Axborot texnologiyalari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha Milliy agentligi (NIPA) prezidenti Yun Jong Lok bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
NIPA delegatsiyasi Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan ochiq va erkin dasturiy ta’minot mahsulotlariga bag‘ishlangan O‘zbek-Koreya forumi munosabati bilan O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Uchrashuv davomida ochiq va erkin dasturiy ta’minot mahsulotlari sanoatini rivojlantirishning xalqaro tendensiyalari, uning jamiyat rivojidagi ahamiyati muhokama qilindi. Jumladan, ochiq dasturlardan elektron hukumat tizimi hamda ta’lim jarayonida foydalanishning muhim jihatlari qayd etildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonda erkin softveyr sohasining istiqbollari to‘g‘risida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, mehmon O‘zbekistonda axborotlashtirish, “elektron hukumat” tizimini joriy qilish, jamiyat hayotida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tatbiq etilishiga oid ma’lumotlar bilan tanishtirildi.
NIPA Milliy agentligiga 1998-yilda asos solingan bo‘lib, muassasa davlat tashkiloti hisoblanadi. Ushbu davlat organi Koreya Respublikasida dasturiy ta’minot mahsulotlari sanoati hamda axborot texnologiyalari sohasi rivojlanishi uchun mas’ul hisoblanadi. NIPA agentligi Ilm-fan, AKT va Koreya Respublikasi istiqbolini rejalashtirish vazirligi tarkibiga kiradi.
Izoh (0)