Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev rafiqasi Raisa Atambayeva va Germaniya kansleri, 13-iyul, chorshanba kuni Qirg‘izistonga tashrif buyurgan Angela Merkel hamrohligida mamlakatning eng xushmanzara daralaridan birida sayr qildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Siyosatchilarning “Ola-Archa” tabiiy bog‘i hududidagi sayrni prezident suratkashi Sulton Dosaliyev qayd etib bordi va fotosuratlarni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida joylashtirdi.
“Ola-Archa” bog‘i Bishkekdan 30 kilometr janubroqda, dengiz sathidan 1,6–4,8 ming metr balandlikda, Qirg‘iziston tog‘ tizmasi shimolida joylashgan. Uning hududida 600 turdagi o‘simlik hamda 70 turdagi daraxt va butalar mavjud. Bu o‘simliklarning ko‘pchiligi Qizil kitobga kiritilgan.
Shuningdek, bog‘ hududida o‘nlab noyob hayvonlar, jumladan, arxarlar, tog‘ echkilari, suvsarlar, oqsichqon va Sibir bug‘ulari istiqomat qiladi.
Bog‘ tog‘larning hammayog‘ini qoplagan qora archa o‘rmonlari tufayli shunday nomni olgan.
Izoh (0)