Kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempioni Vadim Menkov Rio–2016 Olimpiadasida ishtirok etmaydi. Bu haqda “Olamsport” xabar bermoqda.
Qoidaga ko‘ra, Olimpiada o‘yinlarida bir davlatdan ikki yo‘nalish bo‘yicha yo‘llanmani qo‘lga kiritgan sportchilar birgalikda juftlik bahslarida ishtirok etishi kerak. O‘zbekiston vakili Aleksey Mochalovda 1000 metr masofada ham yakkalik, ham juftlik yo‘nalishida litsenziya bor.
Vadim Menkov esa 1000 metr masofasida Rio–2016 o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagandi. Lekin yana bir o‘zbekistonlik Gerasim Kochnev bilan juftlikda 1000 metr masofaga o‘tkazilgan saralash bahslarida litsenziyaga ega bo‘lgandi. Xalqaro talabga ko‘ra, endi Mochalov Kochnev bilan birga juftlik bahslarida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
Mochalov, shuningdek, 1000 metr masofaga o‘tkaziladigan yakkalik bahslarida ham ishtirok etadi. Bu masofada Mochalovning natijalari Menkovnikiga nisbatan yaxshiroq.
Vadim Menkov Rio–2016 Olimpiada o‘yinlarida ishtirok eta olmasa-da, uning litsenziyasi o‘z kuchida qolaveradi.
Izoh (0)