NATOning 8–9-iyul kunlari Varshavada bo‘lib o‘tadigan sammitida 18 prezident, 21 hukumat rahbari, 41 tashqi ishlar vaziri, 39 mudofaa vaziri ishtirok etadi. Bu haqda, Polsha matbuot agentligiga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Sammitda ishtirok etish uchun 2103 kishi, 26 NATO davlati va 26 hamkor davlatlardan 65 delegatsiya, shuningdek, BMT, Yevroittifoq, Jahon banki va NATO shtab-kvartirasi vakillari ro‘yxatdan o‘tdi. Ular Varshavadagi Milliy stadionda, futbol maydonida tiklangan chodirda to‘planadi. Ichkarida yig‘ilish zallari, delegatsiyalar uchun xonalar, shu jumladan, Oq Uydagi oval kabinetning aynan nusxasi bo‘lmish AQSh prezidenti kabineti tashkil etiladi.
7-iyul kuni Polsha prezidenti Anjey Duda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashadi. 8-iyulda ular “NATO tinchlik himoyasida: 2016 va undan keyin” mavzuidagi xalqaro ekspertlar konferensiyasining ochilish marosimida ishtirok etadi. O‘sha kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:30 da davlat va hukumat rahbarlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda NATO sharqiy qanotini mustahkamlashga qaratilgan qarorlar qabul qilinishi mumkin.
Sammitning ikkinchi kuni Afg‘oniston haqidagi bahslardan boshlanadi. Kunning ikkinchi yarmida Yevroittifoq bilan hamkorlikka bag‘ishlangan sessiya bo‘lib, unda ittifoq raisi Donald Tusk va Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunker qatnashadi. Mahalliy vaqt bilan soat 15:00 da Ukrainaga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkaziladi. Sammit soat 17:00 da yakunlanadi.
Sammit ishini 2 ming jurnalist yoritib boradi. Sammitda xavfsizlikni 6 ming politsiyachi ta’minlaydi.
Izoh (0)