27—29-iyun kunlari Buxoro shahrida mamlakatning turli hududlaridan kelgan 112 nafar yigit va qiz aholini favqulodda vaziyatlardan himoya qilish bo‘yicha o‘z bilimlari, shifokor kelguncha birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikmalari, turli uskuna-anjomlardan foydalanish va qisqa muddatda to‘g‘ri qaror qabul qila olish mahoratini namoyish qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan kelgan 14 jamoa musobaqalarning beshta bosqichidan o‘tishi lozim edi. Buxoro viloyatining “Shijoat” jamoasi eng yaxshi jamoa deb e’lon qilindi. Ikkinchi o‘rin Toshkent viloyatining “Kimyogar” jamoasiga nasib qildi, uchinchi o‘rinni esa Toshkent shahrining “Fidokor” jamoasi egalladi.
Shuni alohida qayd etish joizki, qatnashchilarning xavfsizligini Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari nazorat qilib turdi.
Musobaqalar Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan tashkil etildi. O‘zbekistondagi BMTning Taraqqiyot Dasturi hamda Gumanitar yordam va fuqarolik muhofazasi bo‘yicha Yevropa komissiyasining falokatlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha departamentining DIPECHO IX dasturi tomonidan moliyaviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Izoh (0)