“O‘zbekiston” telekanalida 30-iyun, payshanba kuni soat 18:10 da chinozlik Ahmadboy nomi bilan tanilgan Ahmadjon Tursunboyevning noqonuniy xatti-harakatlari, u tashkil etgan va faoliyatiga chek qo‘yilgan moliyaviy piramida haqida “Ahmad vasvasasi” nomli ko‘rsatuv efirga uzatildi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Unda Ahmadjon Tursunboyevning o‘zidan bir qator iqtiboslar keltirildi. “Boshi berk ko‘chaga kirib qolib, keyin chiqib keta olmadim. Orqaga yo‘l yo‘qligini bilardim”, — dedi Ahmadjon Tursunboyev.

“Unikini bunga, bunikini unga berib, shu ishga kirib ketganman. Bankrotga uchradim. Pul yetkazib bera olmadim. Asta-sekin [faoliyat ko‘lami kattalashib] ketdi. Ayni vaqtda qancha odam [qamrab olinganini] bilmayman”, — dedi Ahmadjon Tursunboyev.

Ko‘rsatuvida qayd etilishicha, Ahmadjon Tursunboyev boshliq uyushgan guruhning noqonuniy xatti-harakatlaridan jabr ko‘rganlar soni “bir necha o‘n mingni tashkil etadi”.

“O‘nta zavodi bor odam ham buni eplay olmaydi. Yashirmayman, men bu o‘yinga kirib qolganman va undan chiqib keta olmaganman”, — dedi Ahmadjon Tursunboyev.

“Aholidan uzr so‘rayman. Qilgan ishimdan pushaymonman”, — deya qo‘shimcha qildi Ahmadjon Tursunboyev.

“Ahmad vasvasasi” ko‘rsatuvi 19:15 da “Toshkent” telekanalida, 20:20 da esa “Yoshlar” telekanalida takroran namoyish etiladi.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.