“O‘zbekiston” telekanalida 30-iyun, payshanba kuni chinozlik Ahmadboy nomi bilan tanilgan Ahmadjon Tursunboyevning noqonuniy faoliyatiga bag‘ishlangan “Ahmad vasvasasi” ko‘rsatuvi efirga uzatildi.

Kadr: “Toshkent” telekanali

Kadr: “Toshkent” telekanali

Ko‘rsatuvda ma’lum qilinishicha, Ahmadjon Tursunboyev o‘zining noqonuniy faoliyati bilan bir necha yillardan beri shug‘ullanib kelgan, faoliyatining ko‘lami “bir necha o‘n ming kishini” qamrab olgan. Ko‘rsatuv davomida Ahmadjon Tursunboyev o‘zi “qurgan” moliyaviy piramidaga aynan qancha odam jalb etilganini bilmasligini tan oldi.

Ko‘rsatuv davomida Ahmadjon Tursunboyevning faoliyatidan jabrlangan shaxslarning intervyulari, shuningdek, o‘qituvchi Baxtigul Begaydarovaning murojaati ham e’lon qilindi.

“Dars o‘taman, o‘quvchilarga: ‘Halol bo‘linglar, yaxshi o‘qinglar’, deyman. Bir o‘quvchi aytadi: ‘Ustoz, o‘qi-o‘qi deyavermang! Ming so‘ming bo‘lsa, Ahmadboyga berib qo‘ysang, yeb yotasan. Falonchiga qarang — uy qurib oldi, unisiga qarang — Captiva minib oldi’. Bu kabi gaplarni hozir beshinchi—oltinchi sinf o‘quvchilari aytyapti. Mana shu Ahmadboyning dastidan o‘quvchilarni o‘qish, mehnat qilish qiziqtirmay qo‘ydi”, — deydi chinozlik o‘qituvchi Baxtigul Begaydarova.

“Shunday holat yuzaga kelishida men kimni ayblayman? Birinchidan, vijdonsiz, mansabxo‘r shaxslarni! Hokim, ichki ishlar bo‘limi nega shu kungacha bularni tekshirmadi? Oddiy xalq vakili ko‘chaning bir chekkasida ‘perashka’ sotib o‘tirsa, soliqchi darrov yugurib keladi: ‘Nega sotyapsan?’, deb. Nima uchun Ahmadboyni hech kim ushlamadi? Shu vaqtgacha uni to‘xtatishganida edi, shuncha xalq qaqshab qolmas edi”, — deya qo‘shimcha qildi Baxtigul Begaydarova.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.