Istanbul xalqaro aeroportidagi terrorchilik harakati natijasida O‘zbekistonning ikki fuqarosi halok bo‘ldi. Haberturk internet-nashri xabar berishicha, terakt qurbonlari orasida 22 yoshli namanganlik Abrorjon Ustabayev ham bor.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, yigit aeroportga kelib, taksidan tushgan zahoti hujum boshlangan va u voqea joyida halok bo‘lgan.
Avvalroq esa Otaturk aeroportidagi terrorchilik harakatlari oqibatida 13 chet ellik, xususan, O‘zbekiston fuqarosi Samat Muhiddinov ham halok bo‘lgani xabar berilgan edi.
28-iyun, seshanba kuni kechqurun Istanbuldagi Otaturk aeroporti xalqaro terminalida uchta portlash yuz berdi. Uch nafar xudkush terrorchi yo‘lovchilarni avtomatdan o‘qqa tutdi, so‘ng portlovchi qurilmalarni harakatga keltirdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, terakt natijasida 40 dan ziyod kishi, jumladan 13 xorijlik qurbon bo‘ldi, 239 kishi yaralandi.
Izoh (0)