Hindiston politsiyasi mamlakatdagi eng katta imtihon ballarini aldov yo‘li bilan to‘plagani taxmin qilinayotgan 17 yoshli o‘quvchi qizni hibsga oldi. Bu haqda, The Guardian nashriga asoslanib, TJournal xabar bermoqda.
Qiz 26-iyun kuni imtihon natijalarini soxtalashtirishda gumonlanib qo‘lga olindi.
Mamlakat bo‘yicha eng yuqori ball bilan imtihon topshirgan maktab o‘quvchisi televideniyedagi intervyu chog‘ida “politologiya” (siyosatshunoslik) fanining nomini to‘g‘ri ayta olmadi hamda bu fan pazandalikka daxldor deb taxmin qildi.
Bu bilan rasmiylar diqqatini tortgan qiz qaytadan sinovdan o‘tkazildi va yiqildi. Qizdan XVI–XVII asrlarda yashagan hind shoiri va faylasufi Tulsidas ijodi haqida esse yozish so‘raldi, ammo uning “bayon”i ikkita so‘zdan iborat bo‘ldi — “Tulsidas, salom”.
17 yoshli qiz nafaqat siyosatshunoslik, balki yana 11 ta fandan eng yuqori ballar olgan. Undan tashqari yana 17 kishi imtihon natijalarini soxtalashtirishda gumon qilinib hibsga olindi.
Politsiya yana bir qancha kishini hibsga olishni rejalashtirmoqda. Ulardan biri — kimyodan eng yuqori ball olgan o‘smir H2O suvning formulasi ekanligini bilmagani tufayli shubha-gumon uyg‘otdi.
17 yoshli qiz kamida 8-iyulga qadar hibsda bo‘ladi. Uning taqdiri qanday kechishi keyinroq aniqlanadi.
2015-yilda ota-onalar binolarga tirmashib chiqib, bolalariga imtihon javoblarini yetkazayotgani aks etgan foto va videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalganidan so‘ng Hindistonda imtihon natijalarini soxtalashtirish uchun javobgarlik og‘irlashtirildi. Ko‘pgina kambag‘al oilalar uchun imtihondagi yuqori natijalar yaxshi hayotga erishish yo‘lidir — yuqori ballga ega bolalar katta oliygohlarda o‘qishi va pirovardida yaxshi ishlarga joylashishi mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)